“Yosh fermerlar innovatsion rivojlanish yo‘lida”

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3680 sonli qarorini targ‘ib qilish, shuningdek, 2018 yil  23-martdagi qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijadorligiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, O‘zbekiston yosh fermerlar Kengashining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi hamda Amudaryo tuman Kengashi bilan hamkorlikda joriy yilning 30-may kuni Amudaryo tumani “To‘lqin” OFY da “Yosh fermerlar innovatsion rivojlanish yo‘lida” mavzusida seminar va agro sayohatlar tashkil etildi.

Seminarda Qishloq xo‘jaligi ilimiy ishlab chiqarish markazi xodimi, professor – Baxtiyor Masharipov, Amudaryo tumani hokimini qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – Islam Matkarimov, Yosh fermerlar Kengashi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi boshlig‘i – Maxset Tursunov, Yoshlar ittifoqi Amudaryo tuman Kengashi raisi – Maxmud Shermetovlar hamda yosh fermer va fermer bo‘lish istagida bo‘lgan yoshlar ishtirok etishdi.

Xususan, tadbirda ishtirok etgan yoshlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinayotgan qishloq xo‘jaligi sohasiga doir me’yoriy huquqiy hujjatlar mazmun mohiyatini tushuntirish bilan birga bugungi kunda ularga yaratilayotgan imkoniyatlar va imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Ularga o‘zlarini qiziqtirgan savollari yuzasidan mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.

Shuningdek, o‘tkazilgan seminar doirasida Qoraqolpog‘iston Respublikasining yosh fermerlari, hududdagi kollej bitiruvchilari hamda uyushmagan yoshlarini jalb qilgan holda o‘z ish faoliyatini zamanoviy texnika va texnologiyalar asosida, yangi innovatsiyalarni jalb qilgan holda rivojlantirayotgan “Amu sohili” va “Xidirbayev Samad” fermer xo‘jaliklari hamda “To‘lqin” biolaboratoriya korxonalariga agro sayohatlar tashkil qilindi.

Sayohat davomida ishtirokchilar o‘zlarining qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislar tomonidan javoblar oldi va mahorat darsi o‘tkazildi.

Tadbirda bildirilgan takliflar, ko‘tarilgan dolzarb masalalar yuzasidan kelib chiqib, yosh fermerlar faoliyatini yanada rivojlantirish va yoshlarni fermerlik harakatiga yanada keng jalb qilish, yosh fermerlarning huquqiy, iqtisodiy va agrar sohasidagi bilimlarining oshirish maqsadida Yoshlar ittifoqi Amudaryo tumani Kengashi qoshida “Yosh fermerlar klubi” tashkil etish, klub a’zolarini xar haftaning payshanba kuni soha mutaxassislarini jalb qilgan holda o‘quv-mashg‘ulotlarini o‘tkazish tizimini joriy etish belgilab olindi.

Tashkil etilgan ushbu mahorat darsiga 45 nafardan ortiq yosh fermerlar va fermer bo‘lish istagida bo‘lgan yoshlar ishtirok etishdi.