Yosh olimlar kengashining navbatdagi tashabbusi ham amaliy natijalarga boy bo‘ldi!
Kuni-kecha O‘zbekiston Milliy universiteti va Respublika yosh olimlar kengashi hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jamiyatni strategik rivojlantirishning huquqiy asosi sifatida” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazdi.
Tadbirda mamlakatimizda bugungi kunda qonun ustivorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, jamiyatimiz yoshlarining huquqiy savodxonligini oshirish borasida bir qancha ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.
Konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi, yuridik fanlari doktorlari, professorlar, yosh olimlar va talabalar ishtirok etdi.
— Men bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarda o‘z hissamni qo‘shayotganimdan xursandman. Konferensiyada “Davlat boshqaruv sohasini takomillashtirishda harakatlar strategiyasidan samarali foydalanishning afzalliklari” mavzusidagi maqolam bilan ishtirok etdim va munosib taqdirlandim, — dedi Respublika yosh olimlar kengashining faol a’zosi Temur Xidirov. — Bu kabi anjumanlar biz yosh olimlar uchun juda ahamiyatlidir.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu anjuman bosh Qomusimizning yoshlar hayotidagi o‘rni va ahamiyatini mustahkamlash borasida yana bir amaliy natija bo‘ldi.
- Qo'shildi: 13.12.2017
- Ko'rishlar: 16
- Chop etish