"Yosh qo‘shiq ijrochilari" festivalining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda

“Yoshlar – kelajak bunyodkori!” shiori ostida tashkil etilgan “Yoshlar festivallari” iste’dod egalarini kashf etishda, ularning iqtidorlarini ro‘yobga chiqarishda davom etmoqda. “Yosh cholg‘u ansambllari va orkestrlari”, “Talabalar teatr studiyalari”, “Yosh qo‘shiq ijrochilari” festivallarini o‘z ichiga qamrab olgan “Yoshlar festivallari” 7 dan 30 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Xalq ta'limi vazirligi hamkorligida tashkillashtirilgan “Yoshlar festivallari”ning mahalliy va hududiy bosqichlari joriy yilning mart-aprel oylarida o‘tkazilgan, unda 260 ming nafarga yaqin yoshlar ishtirok etgan edi.

Bugun, 9-iyun kuni “Yosh qo‘shiq ijrochilari” festivalining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Unda hududiy saralash bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 53 nafar iste’dod egalari o‘zaro bellashmoqda. 

Ayni damda mazkur festivalning estrada yo‘nalishi poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida, mumtoz (an'anaviy), akademik (opera), baxshichilik yo‘nalishlari O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan tashrif buyurgan har bir yo‘nalishning iqtidorli vakillari o‘z mahoratini namoyish etishmoqda. Ularning chiqishlarini malakali mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati baholab bormoqda.