“YОSHLAR ASR VABOSIDAN SAQLANISH YO‘LLARINI BILISHI LOZIM”
9-avgust kuni O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va milliy hamkorlar bilan birgalikda sog‘liqni saqlash, ta’lim, biznes-startaplar sohasidagi va O‘zbekistonda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va mamlakat taraqqiyotiga yoshlarning o‘z hissasini qo‘shish imkoniyatlarini namoyon qilish maqsadida BMTning yangi va joriy tashabbuslarini taqdim etishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.Tadbirda so‘zga chiqqanlar kelgusidagi rejalari bilan yig‘ilganlarni tanishtirishdi.

Kamolxon Inomxo‘jayev, BMT aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari:
— Bugungi xalqaro yoshlar kuniga bag‘ishlangan tadbirda BMTning qator agentliklari tomonidan rejalashtirilgan ishlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu yoshlarimiz uchun mo‘ljallangan rejalar muhim yo‘nalishlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Xususan, BMTning aholishunoslik jamg‘armasi yoshlarning sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yishiga alohida e’tibor qaratadi. Sog‘lom turmush tarzi inson salomatligining asosi sanaladi. Ana shu asos bo‘lmasa, turli kasalliklar yuzaga kelishi va hattoki tuzalmas dardlarga ham chalinish xavfi ortishi mumkin. Xalqaro tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatmoqdaki, sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslik yuqumli kasalliklarga chalinishga va hattoki bevaqt o‘limga sabab bo‘lmoqda. Biz buning oldini olish uchun o‘zimizning turli takliflarimizni berib kelmoqdamiz. Shu o‘rinda asr vabosi deya ta’kidlanayotgan kasallik OITSdan himoyalanish, uni yuqtirib olmaslik bo‘yicha ham takliflar berildi. Yoshlarimiz bu kasallik haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishi, uning yuqish yo‘llarini bilishi va unga qarshi choralarni qo‘llay bilishi muhim. Oxirgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra yana yangi kasalliklar ko‘paygan va bunga qarshi chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Yana shuni alohida ta’kidlash lozimki, aholi o‘rtasida ortiqcha vaznlilik ham ko‘payib bormoqda. Bu butun dunyoda epidemiya ko‘rinishidagi kasallik hisoblanadi. Sog‘liqni saqlash tashkilotining tadqiqotlariga ko‘ra hozirda 50 foiz aholi o‘rtasida semizlik kuzatiladi. Shu sabab 31 foiz aholida qon bosimining ko‘tarilishi, 20 foiz 40 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan aholida yurak-qon tomir kasalliklarining ortishi kuzatilmoqda. Shu sabab insonlarni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish eng samarali yo‘ldir. Yoshlarimiz sog‘lom bo‘lishsagina, jamiyatga naf keltirishlari mumkin.
- Qo'shildi: 09.08.2018
- Ko'rishlar: 15
- Chop etish