Yoshlar ittifoqi delegatsiyasi Germaniyada tahsil olayotgan, ishlayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashdi
Ayni kunlarda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi delegatsiyasi Germaniyaga safar boshlagani haqida axborot bergandik.
Kuni-kecha Berlin shahrida joylashgan mamlakatimiz elchixonasida Germaniyaning turli shaharlarida, qo‘shni mamlakatlarda ta’lim olayotgan, ilmiy izlanish olib borayotgan va yetakchi nemis kompaniyalarida mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik yoshlar ochiq muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda qatnashgan 100 nafardan ortiq yoshlarning aksariyati Germaniyada oliy ta’limdan so‘ng ilmiy yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan yoshlar bo‘lgani bois, muloqot davomida asosan ilmiy ishlanmalar, g‘oya va tashabbuslarni O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirish, investitsiyalarni jalb etishda Yoshlar ittifoqining imtiyoz va preferensiyalar berish borasidagi imkoniyatlariga qiziqish yuqori bo‘ldi.

Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda yetakchi nemis kompaniyalarida faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimizning takliflarini muntazam o‘rganib borish masalasi qizg‘in muhokama qilindi.
Muloqotlarda Germaniyadagi o‘zbekistonlik yoshlarning yashash va o‘qish sharoitlari, fuqarolik pasporti, xorijga chiqish va kirish bo‘yicha viza kabi masalalar yuzasidan yechilmay qolgan muammolari mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.
Yoshlarning vatanparvarlik hissi, o‘z salohiyatini O‘zbekiston taraqqiyotiga bag‘ishlash ishtiyoqi borligi sezilib turdi.
- Qo'shildi: 16.01.2018
- Ko'rishlar: 13
- Chop etish