Yoshlar ittifoqi yil davomida turli sohalarda fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh yoshlarni mukofotladi

Bugun muhtasham “Istiqlol” san’at saroyida “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Unda qator vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim va ijtimoiy soha, san’at, madaniyat, jurnalistika va sport sohasidagi fidoyi yoshlar, Yoshlar ittifoqining faol a’zolari hamda OAV ishtirok etdi. Tadbirni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev ochib berdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi Qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi”ning 52-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning oktyabr oyida “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” tashkil etildi.

Mukofotni tashkil etishdan asosiy maqsad — davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib, o‘zi faoliyat yuritayotgan soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, vatanparvarligi va sadoqati bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan, xalq e’tirofiga sazovor yoshlarni har yili turli nominatsiyalar bo‘yicha rag‘batlantirib borishdan iborat.

Mukofot yoshlarga davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim va ijtimoiy soha, san’at, madaniyat, jurnalistika va sport sohasidagi 33 ta nominatsiya bo‘yicha berilib, uning miqdori har bir sovrindor uchun eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida belgilangan.

2017-yil oktabr-noyabr oylari davomida “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” to‘g‘risida “Yoshlar” va “Mening yurtim” telekanallarida reklama roliklari hamda gazeta, jurnallar, internet, ijtimoiy tarmoqlarda e’lonlar berildi.

Mukofotga vazirlik, idora va tashkilotlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va hududiy hokimliklar tomonidan 33 ta nominatsiya bo‘yicha 700 nafardan ortiq yoshlar nomzodlari tavsiya etildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi qoshida tuzilgan ekspertlar komissiyasi tomonidan nomzodlar hujjatlari o‘rganib chiqilib, 24 ta nominatsiya bo‘yicha 70 nafar yoshlar saralab olindi.

Nomzodlarni saralashda yoshlarning yil davomidagi ish samaradorligi, tizim yoki sohani rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, o‘z sohasiga kiritgan innovatsiyasi, faoliyati orqali davlat va jamiyat hayotiga keltirgan amaliy foydasi, jamoat ishlaridagi faolligi, davlat va xalqaro miqyosda erishgan yutuqlari, shuningdek, mehnatsevarligi, fidoyiligi, intizomi va iqtidoriga e’tibor qaratildi.

Har bir nominatsiya bo‘yicha saralangan 3 nafardan nomzodlar faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining www.mukofot.yi.uz internet saytida joylashtirilib, ularga keng jamoatchilik va yoshlar tomonidan ochiq ovozga qo‘yildi. Eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzodlar “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mukofoti” sovrindori bo‘ldi.

Yaqin soatlarda g‘oliblar ro‘yxatini e’lon qilamiz!