“Yoshlar – kelajagimiz” dasturi – amalda

Toshkent shahar Chilonzor tumanida “Yoshlar - kelajagimiz” dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Vazirlar Mahkamasi, Bosh prokuratura, Yoshlar ittifoqi, iqtisodiyot, moliya, mehnat, ichki ishlar va qurilish vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, hokimliklar, tijorat banklari va boshqa idoralar rahbarlaridan iborat ishchi guruhi o‘z faoliyatini boshladi.
Ishchi guruh tumanda uyma-uy yurib, mahallalardagi yoshlar bilan suhbatlashib, ularning ijtimoiy ahvoli, mutaxassisligi, o‘qish va ish joylarida bandligi darajasini o‘rganishdi.
Ayniqsa, yosh tadbirkorlarning muammolarini bartaraf etish, ularning istiqbolli takliflarini qo‘llab-quvvatlash masalasida amaliy yordamlar ko‘rsatilayotgani ko‘pchilik yoshlarni xursand qilyapti.
Ulardan biri Toshkent shahar Chilonzor tumani “Mevazor” MFY, Eski Qatortol ko‘chasi, 29-uyda yashovchi Mavlonov Azizdir. U bir necha yildan buyon yuk mashinasi haydaydi. Uni ko‘pincha yuk mashinasiga to‘lanadigan soliq o‘ylantirardi. U bugun xonadonining darvozasini taqillatib, hol-ahvol so‘ragani kelgan ishchi guruh xodimlariga o‘zini qiynab kelgan dilidagi gapni aytdi. Ya’ni og‘ir yuk mashinasiga to‘lanadigan soliq to‘lovini kamaytirish borasidagi taklifini bildirdi. Guruh a’zolari esa mazkur taklifni o‘rganib chiqish uchun Davlat soliq idoralariga yetkazish chorasini ko‘rdilar.

Shohrux Tursunov esa 195-maktabning 9-sinf o‘quvchisi. Ustozlarining aytishiga qaraganda, zehni o‘tkir, o‘zlashtirish darajasi ancha yaxshi. Ota-onasi ajrashgan. Juda ham nochor hayot kechirishadi. Onasi ham hech qayerda ishlamaydi. Shohruxning onasi ijtimoiy yordam so‘rab, ishchi guruh a’zolariga murojaat qildi. Mahalla ahli bu oilaga yordam qilishga va’da berdilar.
Chilonzor tumanining 51 ta mahallasida faoliyat olib borayotgan mazkur ishchi guruh 10 kun davomida ko‘plab masalalarga oydinlik kiritib, yoshlarning ezgu maqsadlari yo‘liga to‘g‘anoq bo‘layotgan barcha to‘siqlarni bartaraf etishda davom etadi.
- Qo'shildi: 06.06.2018
- Ko'rishlar: 17
- Chop etish