“Yoshlar — kelajagimiz” dasturining birgina yo'nalishi orqali 8 184 nafar yoshning bandligi ta’minlandi!

Sizda ham imkoniyat bor!

Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2018-yilning 4-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektorda “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida joylarda har bir fermerga bir nafardaan band bo‘lmagan yoshni biriktirib, g‘alla o‘rimidan bo‘shagan maydonlar hisobidan takroriy ekin ekish uchun 1 gektar yer maydoni ajratish mexanizmini amalda tatbiq etish aytilgan edi.

Shu maqsadda joylarda yoshlarning qiziqishlari o'rganildi. Ishchi guruhlar yordamida yerdan foydalanib daromad topish istagida bo‘lgan 18 yoshga to‘lgan 30 yoshdan oshmagan 9 509 nafar yoshlarning ro‘yxati shakllantirildi.

Shakllantirilgan ro‘yxatga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda g‘alla o‘rimidan bo‘shagan maydonlar hisobidan har bir yoshga takroriy ekin ekish uchun yer maydonlari ajratildi.

Loyihaning asosiy maqsadi fermer xo‘jaliklari rahbarlarining roziligi asosida ajratilgan yer maydonlarida yoshlar uchun tajriba amaliyotini tashkil etish, ularning daromad olishlariga ko‘maklashish, shuningdek, kelajakda yosh fermerlar safini kengaytirishdan iborat.

Ustoz-shogirt an’analariga muvofiq, bugungi kunga qadar 9 509 nafar yoshlar tomonidan respublikamizdagi 9 143 nafar fermerlarning boy tajribasidan foydalanib, g‘alladan bo‘shagan 9 373 gektar yer maydonlarida takroriy ekinlar ekilib parvarishlanmoqda.

Shundan, 1 325 nafar yoshlar tomonidan takroriy ekinlarni ekish ishlari yakunlandi. Natijada 8 184 nafar yoshning bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, ishtirokchilar uchun loyiha davomida agrar sohaning yetuk mutaxassilari, olimlari va amaliyotchilari tomonidan turli xil yo‘nalishlarda (agrotexnologik, tashkiliy, iqtisodiy, huquqiy, menejment, marketing) tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Loyiha natijadorligini nazorat qilish va aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha monitoring guruhlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Siz ham ushbu imkoniyat orqali daromad toping.

“Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha tashkil etilgan tuman (shahar) shtablariga yoki Ittifoqning mahalliy Kengashlariga murojaat qiling.