Yoshlar yetakchisi jalaquduqlik yoshlarga qaysi yo‘nalishlarda amaliy ko‘mak berdi?
Shu kunning o‘zida Markaziy Kengash raisi Qahramon Quronboyev Jalaquduq tumanida ham bo‘ldi.
Jalaquduq pedagogika ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jalaquduq tuman Kengashi uchun ajratilgan xonalardagi sharoitlarni o‘rgandi. Ba’zi kamchiliklarni bartaraf qilish yo‘llarini ham ko‘rsatdi.
Qolaversa, qator masalalar bo‘yicha yoshlarga amaliy ko‘mak berildi.
Tumandagi 26-umumta’lim maktabining Iste’dodli yoshlar yo‘nalishi Sardori Gulira’no Turdiyeva tuman Kengashi qoshida kashtachilik va rassomchilik to‘garagi faoliyatini samarali tashkil etganligi uchun munosib rag‘batlantirildi.
U endilikda ushbu binoda faoliyatini kengaytiradi. Tashkilot unga 10 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib beradi. Qolaversa, Germaniya Federativ Respublikasiga ko‘rgazmasini tashkil etish uchun yuboriladi.
100 nafar Jalaquduqlik yoshlarga Amudaryo tumanida joylashgan oromgohga bepul yo‘llanma berilib, ular uchun o‘quv-seminar va sayohat tashkil etilishiga kelishildi.
Qolaversa, Buxoro viloyatiga tajriba almashish uchun yuborilishi rejalashtirilgan delegatsiya tarkibida Jalaquduq tuman Kengashi Sardorlari ham boradigan bo‘ldi.
Eng quvonarlisi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi muassisligidagi “Yoshlar ovozi” gazetasining bitta sonida yoshlarning taklifiga asosan, Jalaquduq tuman Kengashi faoliyati yoritiladi.
Shu bilan birga, Sardorlar Kengashi a’zolari uchun kerak bo‘ladigan sport inventarlarining smetasini ishlab chiqish va moliyalashtirilishi yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bir so‘z bilan aytganda, yoshlarning barcha takliflari inobatga olindi. Boshlang‘ich tashkilot faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat belgilandi.
- Qo'shildi: 22.01.2018
- Ko'rishlar: 19
- Chop etish