Yoshlar yetakchisi jazoni ijro etish muassasasida: "Biz har biringizning tashabbusingizga muhtojmiz!”

Sheroboddagi ochiq muloqot yuqori saviyada yakunlandi. Shundan so‘ng, Yoshlar yetakchisi Qahramon Quronboyev Sherobod tumanidagi jazoni ijro etish muassasasidagi yoshlar bilan uchrashish uchun yo‘l oldi.

Kechgi payt tashkil etilgan muloqotda 100 nafarga yaqin jazo muddatini o'tayotgan yoshlar ishtirok etdi.

Afsus... Ular orasida xotin-qizlar ham bor. Yoshlarning boshi egik. Kimdir internet orqali salbiy illatlarga aralashib qolgan, yana kimdir tengdoshlarini firibgarlik yo'li bilan oliy o'quv yurtlariga o'qishga kiritib qo'ymoqchi bo'lgan… Xullas, sabablar ko‘p, lekin manzil bitta!

Yoshlar yetakchisi ushbu uchrashuvda bilib-bilmay jinoyat yo'liga kirgan yoshlarni ozodlikka chiqqanlaridan so'ng har tomonlama qo'llab-quvvatlashini, kerakli yordam berishin alohida ta’kidladi.

So'zga chiqqan yoshlarning barchasi qilmishidan chin dildan pushaymon ekanligi, ozodlikka chiqqanlaridan so'ng Vatan koriga yarash uchun mehnat qilishlarini bildirishdi

— Biz har biringizning tashabbusingizga muhtojmiz. Bu yerda yoshlar tashkiloti uchun, Vatan uchun kerakli yoshlarimiz o'tiribdi, — dedi Qahramon Quronboyev.— Sizlardan kelgusida umidimiz bor.

Uchrashuvga yig‘ilganlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.

Ta’kidlash joizki, ushbu muloqot yoshlarning hayotida tub burilish yasadi.