Yoshlar yetakchisi Namangan shahridagi maktabga 2 ta qo‘shimcha Yoshlar yetakchisi shtatini ajratdi

Shunda ham natija bo‘lmasa...

Bugun O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev Namangan viloyatida bo‘ldi.Tizimdagi Kengashlarning faoliyatini o‘rganib, tahlil qildi.

Jumladan, Namangan shahridagi 7-sonli umumta’lim maktabi o‘rganilganda, ba’zi muammolar ko‘zga tashlandi.

O‘quv muassasasida boshlang‘ich tashkilot faoliyati qoniqarli tashkil etilmagan. Zaruriy targ‘ibot materiallari va Ittifoq burchaklari yetarlicha shakllantirilmagan.

Eng achinarlisi, o‘quvchi-yoshlar buyuk allomalarimiz haqida ham to‘liq ma’lumotga ega emas. Sababi, ayrim fan o‘qituvchilari bu borada loqaydlikka yo‘l qo‘ygan.

Lekin, tanqidiy-tahliliy o‘rganish natijasida maktab jamoasining muammosi ijobiy hal etildi.

3228 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan o‘quv muassasasiga yana ikkita qo‘shimcha Boshlang‘ich tashkilot yetakchisi shtati berildi.

Endilikda, uch nafar Yoshlar yetakchisi o‘quvchilar bilan ishlaydi, ular har bir yoshning muammoyu takliflari bilan yaqindan tanisha oladi.

Umid qilamizki, berilgan imkoniyat faqat ijobiy natijalar uchun xizmat qiladi va tez kunlarda mazkur maktabda Yoshlar yetakchilarining tashabbuslari bilan ko‘plab ezgu ishlar amalga oshiriladi.

Biroq, teskarisi bo‘lsa, loqayd xodimlar uchun tizimda joy qoldirilmaydi.