Yoshlar yetakchisi to‘raqo‘rg‘onlik yoshlar yashayotgan “olamga kirdi”
Avval xabar berganimizdek, kecha Yoshlar yetakchisi Namangan viloyatida bo‘lib, bir qator o‘quv muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 12-sonli umumta’lim maktabiga tashrif buyurgan Qahramon Quronboyev Boshlang‘ich tashkilot yetakchisi faoliyati, yaratilgan sharoitlar bilan tanisharkan, asosiy e’tiborini Sardorlar Kengashining ish jarayoniga qaratdi. Ko‘zlari porlab turgan sardorlar bilan kechgan samimiy suhbat jarayonida o‘quvchi-yoshlar o‘z takliflari va muammolari bilan o‘rtoqlashdilar.
Muloqot chog‘ida sardorlar tuman Kengashi qoshida kutubxona tashkil etish taklifini bildirdilar. Taklif o‘z o‘rnida ijobiy qabul qilindi. Mazkur ziyo dargohi uchun Yoshlar yetakchisi 2500 ta turli yo‘nalishdagi kitoblar taqdim etishga va’da berdi. Shuningdek, Sardorlar Kengashi sardori Nurillayeva Hulkaroyga zamonaviy notebook sovg‘a qilinadi.
Bu hali hammasi emas, Yoshlar yetakchisi o‘quvchi-yoshlarning shijoati, faolligi va iqtidoriga munosib baho berib, ularni rag‘batlantirdi. To‘raqo‘rg‘on tumanidagi mazkur maktabning 40 nafar faol yoshlari ko‘hna va navqiron Buxoro shahriga sayohatga boradilar. Lekin bir shart bor: Sardorlar uchun viloyat hokimligi 40 turdagi badiiy kitoblarni tuhfa etadi va 10 kun davomida eng ko‘p kitob o‘qigan hamda asarlarni tengdoshlari bilan o‘rtoqlashgan o‘quvchilar ushbu imtiyozni qo‘lga kiritadilar.
Yana bir quvonchli xabar shuki, tez kunlarda to‘raqo‘rg‘onlik ijodkor yoshlarning she’riy to‘plami nashr etiladi. Ushbu tashabbus ham mazkur muloqot davomida o‘rtaga tashlandi.
Davlat maslahatchisi iqtidorli ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu tashabbusni ilgari surdi.
Mehnat qilgan munosib rag‘bat olishi shu kuni yana bir bor tasdig‘ini topdi. O‘z ish-faoliyatiga mehr bilan yondoshib, faollik va tashabbuskorlikni shior qilgan maktabning Boshlang‘ich tashkilot yetakchisiga Markaziy Kengash tomonidan zamonaviy kompyuter jamlanmasi va proyekter ajratiladi. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan esa 3 kun muddat ichida sardorlar faoliyati uchun zaruriy xona jihozlari taqdim etiladigan bo‘ldi.
Yurtimiz yoshlarining chinakam Yetakchisi 12-sonli maktabni Yoshlar ittifoqi otalig‘iga olarkan, ushbu hudud jinoyatdan, huquqbuzarlikdan xoli bo‘lishini ta’kidladi.
Kelgusi xabarlarimizda mazkur ochiq muloqotning amaliy natijalari bilan tanishtiramiz. Kuzatib boring.
- Qo'shildi: 23.01.2018
- Ko'rishlar: 25
- Chop etish