Yoshlarga oid davlat siyosati amalda! Xushxabar: Zamonaviy “Yoshlar markazi” foydalanishga topshirildi

Bugun paxtaobodlik yoshlar uchun tom ma’noda katta imkoniyatlar eshigi ochildi.

Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimiz 11 yillik ta’lim tizimining joriy etilishi munosabati bilan bo‘shab qolgan kasb-hunar kollejlarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining mahalliy Kengashlari ixtiyoriga o‘tkazish bo‘yicha taklif bergan edilar.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ushbu taklif “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi foliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmonda ham belgilab qo‘yildi.

Farmonning ijrosini ta’minlash, qolaversa, yosh avlodning har tomonlama kamol topishi uchun Paxtaobod yengil sanoat kasb-hunar kolleji Yoshlar ittifoqining Paxtaobod tuman Kengashiga “Yoshlar markazi” faoliyatini samarali tashkil etish uchun topshirildi.

Bugun ushbu binoning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva, hududiy va mahalliy Kengash a’zolari, faol yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi. Mehmonlar tabrik nutqida mamlakatimizda Yurtboshimiz tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan imkoniyatlarni alohida e’tirof etishdi. Ushbu e’tibor va imkoniyatlarga yoshlarni munosib bo‘lishga da’vat etishdi.

Eng quvonarlisi, “Yoshlar markazi”da tuman hokimi, Ichki ishlar bo‘limi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman Kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari qabulxonalari ham ushbu binoda o‘z ishini boshladi.

Shuningdek, rus va ingliz tillari, xorijiy davlatlar mehnat qonunchiligi va diniy ma’rifat, voleybol, boks to‘garaklari, kasb-hunarga yo‘naltirish, psixologik maslahat berish xonasi hamda tikuvchilik sexi ham yoshlar ixtiyoriga topshirildi. Eng qizig‘i, mashg‘ulotlarning barchasi bepul.

— Tikuvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘yish natijasida 10 nafardan ortiq qizlarning bandligi ta’minlandi. Rus tilini o‘rganmoqchi bo‘lganlar soni esa ellik nafardan oshdi, — deydi tuman Kengashi raisi Zulxumor Nazirova. — Bu yoshlarimizning imkoniyatlardan to‘laqonli foydalanishga intilayotganliklaridan dalolat. Shunday sharoitlarni yaratib berayotgan yurtboshimizga paxtaobodlik yoshlar nomidan tashakkur bildiraman.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu kun tuman yoshlari uchun uzoq yillar unutilmaydi. Ular endilikda ushbu markazda Yoshlar ittifoqining eng faol a’zolari sifatida ilm olishlari, hunar o‘rganishlari, qolaversa, mavjud muammolarini hal qilishda yoshlar masalalari bo‘yicha mas’ul tashkilotlar xodimlari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.