"Yoshlik g‘unchalari": "Men kelajakda yaqinlarimni xursand qilish uchun jahon chempioni bo‘laman"

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon viloyati Kengashi yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni sport musobaqalariga ommaviy tarzda jalb etish, o‘quvchi-qizlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida sportning badiiy gimnastika turini rivojlantirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchi-qizlari o‘rtasida “Yoshlik g‘unchalari” ana’naviy Respublika ochiq turnirining viloyat bosqichini o‘tkazdi.

Turnir shaharning gimnastikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi binosida tashkillashtirildi.

Musobaqada mahalliy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 11,12,13,14,15 yosh toifalaridagi 80 nafar o‘quvchi-qizlar ishtirok etdi.

— Men oilamni yaxshi ko‘raman. Men kasal bo‘lsam, ular juda qiynaladilar. Ularning xafa bo‘lishlarini aslo istamayman. Sport bilan shug‘ullanganimdan buyon sog‘ligim yaxshi, ishtaham ham. Sport to‘garagidagi dugonalarim ham menga qadrli. Men kelajakda ularni xursand qilish uchun jahon chempioni bo‘laman va dugonalarimga ham sport bilan shug‘ullanishlarini tavsiya qilaman, — deydi uzoq davolanishdan so‘ng sport bilan shug‘ullanayotgan qizaloq.

Musobaqada g‘olib bo‘lgan va faol ishtirok etgan yoshlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Andijon viloyat Kengashi, viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi, viloyat Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, viloyat gimnastika federatsiyalari tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.