“Yozni “Kamalak” bilan!”


Yozgi ta’til vaqtida bolalarning mazmunli dam olishlarini tashkil etish, shu bilan birga, ularni milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bolalar orasida sportning ommaviy turlarini keng targ‘ib qilish, siyosiy-huquqiy va diniy-ma’rifiy dunyoqarashlarini shakllantirish hamda ma’naviy hordiq olishlarini tashkil etish maqsadida “Yozni “Kamalak” bilan!” loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha shahardan tashqarida joylashgan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari qoshida tashkil etiladigan mavsumiy oromgohlar hamda mahallalarda o‘tkaziladi.

Loyiha doirasida Respublika bo‘ylab o‘tkaziladigan tadbirlar uchun Sardorlar biriktirilgan va Yoshlar ittifoqi hududiy Kengashlari tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat Kengashi tomonidan bolalar o‘rtasida “Sportchi bolajonlar” marafoni, “Kamalak” bekatlarida xazinalarni birga topamiz” quvnoq startlar o‘yini, turli xil madaniy va ma’rifiy tadbirlar tashkil qilinib, ularga 200 ga yaqin bolalar qamrab olindi.

– Loyihada tashkil qilingan turli bellashuvlar o‘z o‘rnida bizni “Kamalak” bolalar tashkilotiga bo‘lgan qiziqishimizni yanada oshirib yubordi. Eng asosiysi, endi doimo mana shunday tadbirlardan ruhlangan holda faoliyat olib boramiz. Men ham albatta, “Kamalak” sardori bo‘laman, – deydi Boyovutlik 12 yashar oromgoh tarbiyalanuvchisi Dildora Berdiyorova.

Qashqadaryo viloyatida ham “Yozni ”Kamalak“ bilan!” loyihasi Sardorlar Kengashi a’zolari tomonidan har bir tumandagi mahallalarda, oromgohlarda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilmoqda. Kitob tumanidagi “Nurafshon” bolalar oromgohida ham bir-biridan qiziqarli loyihalardan biri “Yosh raqqoslar” loyihasi uchun sardorlar bolajonlarga yangicha raqslarni o‘rgatishdi, bir-biridan turfa xil o‘yinlarni birgalikda ko‘rsatib berishdi.

– Shu paytgacha juda ko‘plab tadbirlarda ishtirok etganman. Lekin hech qaysi birida raqs tusha olmasdim. Chunki biroz tortinar edim. Oromgohda esa Sardorlar kelib, xushmuomalalik bilan nafis san’at usullarini o‘rgatishgandan so‘ng, o‘z-o‘zidan qo‘llarim harakatga kela boshladi. Do‘stlarim davrasida yayrab o‘ynadim. Hatto sovg‘a ham berishdi. Buning uchun Qashqadaryo viloyati Sardorlariga katta rahmat aytaman! – deydi 9 yashar Jasmina G‘ofurova.

Loyiha doirasida Samarqandda ham 288 nafar Sardor viloyat bo‘ylab harakatlanadigan “Quvnoq avtobuslar”da mahallalar tomon yo‘l oldi.

Sardorlar tengdoshlari bilan ishlashda, ularning yozgi ta’tillarini maroqli o‘tishida o‘z hissalarini qo‘shishda davom etmoqda...